Raqamli texnologiyalarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga integratsiya qilish zamon talabidir va bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda.
Parijda bo‘lib o‘tayotgan Raqamli ta’lim haftaligi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi YUNESKO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha yordamchisi Stefaniya Jannini bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Stefaniya Jannini O‘zbekistondagi raqamli o‘zgarishlar, xususan, onlayn ta’lim, raqamli savodxonlik va pedagoglar malakasini oshirish sohalariga oid keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov mamlakatda raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish va sohalarni raqamlashtirishda O‘zbekiston YUNESKOning doimiy yaqin hamkori ekanini ta’kidladi.
«YUNESKO bilan hamkorligimiz boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladigan darajada yaqin. Bu bizga mamlakatda keng qamrovli raqamli ta’lim tizimini rivojlantirish uchun zarur yordam va bilimlarni taqdim etishiga ishonamiz», dedi vazir o‘rinbosari.
Stefaniya Jannini O‘zbekistonning ta’lim imkoniyati va sifatini oshirish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni qo‘llash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. U O‘zbekistonning strategik e’tibor va texnologiyaga investitsiyalarini hisobga olgan holda, raqamli ta’lim bo‘yicha mintaqaviy yetakchiga aylanish salohiyatini ta’kidladi.
Ma’lumotda YUNESKO O‘zbekiston bilan raqamli ta’lim muhitini yaratishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligi keltiriladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA