O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 22 iyun) ratifikatsiya qilishi rejalashtirilgan.
Mazkur konvensiya barcha iqtisodiy faoliyat sohalarini o‘z ichiga olib, davlat xizmatida ishlovchilar, yollanib ishlovchilar, bevosita yoki bilvosita ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan ishchi va xodimlarga tatbiq etiladi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.
Konvensiyada mehnat faoliyati jarayoni va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, xalqaro hujjatda mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, ishlab chiqarish muhitini yaxshilash bo‘yicha milliy darajadagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish masalalari aks ettirilgan.
Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, XMT hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga zamin yaratadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA