Bugun, 4 sentyabr kuni «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi XII Qurultoyini o‘tkazdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar kengashlaridan saylangan delegatlar, Siyosiy Kengash vakillari, Markaziy taftish komissiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Qurultoyda partiyaning 2020-2024 yillardagi faoliyati sarhisobi qilindi va istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi. Qurultoyda qayd etilganidek, O‘zbekiston “Adolat” SDP a’zolari soni hisobot davrida 2020 yil boshidagi 438 ming nafardan qariyb uch barobarga ortib, 1,1 million nafarga yetdi. 2020 yilda boshlang‘ich partiya tashkilotlari 6 mingdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 8 mingdan ziyodni tashkil etmoqda. 2019 yilda partiya a’zolarining 176 ming nafarini (37 foizini) yoshlar tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib umumiy a’zolarning qariyb 433 ming nafari yoxud 39 foizi yoshlardan iborat.
O‘tgan hisobot davrida partiya deputatlik guruhlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari yuzasidan 18 ming 578 ta deputatlik so‘rovi tegishli tashkilotlarga yuborilgan, 9 ming 988 marotaba xalq deputatlari kengashlari sessiyalarida mansabdor shaxslar eshituvi o‘tkazilgan, 5 ming 43 marotaba deputatlik guruhlari hamda ishchi guruhlari o‘rganishi natijasi yuzasidan doimiy komissiya yig‘ilishlariga masalalar kiritilgan, 2 ming 730 ta masalani xalq deputatlari kengashlari sessiyalariga kiritishga erishilgan.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi hisobot davrida qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 36 ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘lishdi.
Adolat, tenglik va inson huquqlarini himoya qilish, demokratik qadriyatlarga sodiq qolish va milliy taraqqiyot yo‘lida ishonchli yondashuvlarni joriy etishni maqsad qilgan “Adolat” SDP Qurultoyi davomida partiya Saylovoldi dasturi, siyosiy qarashlari va strategik rejalari tanishtirildi.
Xususan, siyosiy maydonda o‘zini “so‘l markaz” pozitsiyasida namoyon etib kelayotgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi sotsial-demokratiya mafkurasiga sodiq qolgan holda yangi Saylovoldi dasturida sud-huquq, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ilm-fan sohalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, tashqi va ichki siyosatga qaratilganligi ta’kidlandi.
Partiya dasturidagi davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadlarni adolatli taqsimlash, jarimalar miqdori va boshqa huquqiy ta’sir choralarini fuqarolarning daromadlariga mutanosibligidan kelib chiqib belgilash, aholi o‘rtasida keskin tabaqalanishning oldini olish kabi tashabbuslari ham partiya uchun sotsial-demokratik g‘oyalarga sodiqligini ko‘rsatadi.
Jumladan, Saylovoldi dasturida sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini “tijorat tashkiloti”dan notijorat tashkilotga o‘tkazish, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash, joylarda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmonlarning noqonuniy aylanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ta’sirchan qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.
Fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini oshirishda sudyalarning mustaqil bo‘lishi muhim mezon bo‘lib, sudyalar huquqlarini yuqori darajada kafolatlash va ish yuklamalarini maqbullashtirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar sonini oshirish hamda advokatura institutini rivojlantirish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash maqsadida istirohat bog‘lari, sayilgohlarni xususiylashtirishni taqiqlash, nogironlar uchun svetoforlarda maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatish kabi g‘oyalar ilgari surilgan.
Shu bilan birga, talabalarning turar joylar bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv sifatini oshirish maqsadida o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, zamonaviy xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda ilm-fan sohasi vakillarining manfaatlarini ta’minlash, olimlarning mashaqqatli mehnatini qadrlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Qurultoy delegatlari muhokamalardan so‘ng “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” deb nomlangan Saylovoldi dasturini tasdiqladi. Qurultoy kun tartibidan o‘rin olgan yana bir muhim masala – joriy saylovlarda deputatlikka partiyadan ko‘rsatiladigan nomzodlarni tasdiqlash.
Qayd etilganidek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bo‘lajak saylovlarda nomzodlarni ko‘rsatishda bir qator muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratdi. Boisi partiyaning maqsadi parlamentda, mahalliy kengashlarda xalq manfaatlarini to‘laqonli himoya qila oladigan, jonkuyar, oldiga qo‘yilgan vazifani ortig‘i bilan ado etishga bel bog‘lay oladigan, fidoyi, xalqparvar, el orasida obro‘ga ega bo‘lgan, bildirilgan ishonchga, vazifasiga mas’uliyatli va adolatparvar shaxslarni ko‘rishdir.
Qurultoy yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga majoritar bir mandatli okruglar bo‘yicha 75 nafar, partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha 100 nafar nomzodlar ko‘rsatildi.
Nomzodlarning 45 foizi ayollardan iborat bo‘lib, barcha 175 nafar nomzod oliy ma’lumotga ega, ularning 25 foizini pedagoglar, 20 foizini huquqshunoslar, 18 foizini tibbiyot, 37 foizini iqtisodiyot, ijtimoiy va boshqa sohalar vakillari tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 18 nafarida fan nomzodi (PhD) va 23 nafarida fan doktori (DSc) ilmiy darajasi mavjud.
Qurultoyda qayd etilganidek, barcha nomzodlarga oid hujjatlar nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Qurultoyda partiyaning siyosiy strategiyasi, shuningdek yurtimizda iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa sohalardagi islohot va yangilanishlarni izchil davom ettirishga qaratilgan aniq maqsadlariga tayanib, partiya faollari, deputatlikka nomzodlar va barcha a’zolarining birlashgan kuchi bilan mamlakatimizning barcha sohalarida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyor ekanligi va g‘alaba qozonishga barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
“Adolat” SDP Matbuot xizmati