Poytaxtimizda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda SHHT va MDHga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, MDH organlari ishchi tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari vakillari ishtirok etayotir.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari, general-mayor B.Tursunov so‘zga chiqib, mustaqil taraqqiyot yillarida dunyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham terrorizm va ekstremizmning turli shakllariga duch kelganini qayd etdi.

– Xavfsizlikning bu tahdidlariga qarshi kurashish bizga bu sohada milliy andozani shakllantirish imkonini berdi. Ayni paytda, terrorizm va ekstremizmga qarshi yondashuvimiz takomillashmoqda, biz yangi chaqiriq va tahdidlarga moslashyapmiz.

2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasining qabul qilinishi bu boradagi tub burilish bo‘ldi. Ushbu hujjatlarda huquqni himoya qilish tuzilmalari, hokimiyat va boshqaruv organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Ekstremistik g‘oyalarning sobiq va salohiyatli tarafdorlari bilan ijtimoiy va psixologik ishlash, ularni o‘qitish, ish bilan ta’minlash, umuman, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday o‘zgarish va yondashuv yuksak natijalarni berib, xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

Xususan, 2019 yildan buyon 5 ta “Mehr” gumanitar aksiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar repatriant O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga ijtimoiy, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Natijada, bugungi kunda repatriantlarning 90,2 foizi zamonaviy turmush tarzini olib bormoqda, 9,8 foizi an’anaviy islom diniga e’tiqod qiladi, – dedi B.Tursunov.

O‘zA