Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi konferensiyasida SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori R.Mirzayev so‘zga chiqdi.
Hozirgi geosiyosiy jarayonlar davlatlar, eng avvalo SHHT va MDH mamlakatlari xavfsizligi va suvereniteti uchun yangi chaqiriqlarni shakllantirmoqda, bu ayniqsa, ISHID, Al-Qoida va boshqa guruhlar tomonidan terrorchilik tahdidlari yuqori darajada bo‘lgan sharoitda muhim ahamiyatga ega, – dedi ma’ruzachi.
Ayni damda, Afg‘onistonda amaldagi hukumat hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, mamlakatda hali ham faoliyat yuritayotgan terrorchilik guruhlari ustidan nazorat o‘rnatish va ularni zararlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar qabul qilinayotgani qayd etildi. Bu holat o‘z navbatida, xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash choralarini takomillashtirishda Qobul hokimiyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berish masalasining dolzarbligini oshirmoqda, bu esa nafaqat Afg‘oniston, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham muhimdir.
Ijtimoiy tarmoqlar va messendjerlar terrorchilar va odam yollovchilarning targ‘ibot faoliyatida asosiy vosita bo‘layotganiga ham e’tibor qaratildi. “Terrorchilik internatsionali”ning media faollari bu sohadagi faoliyatning shakl va usullarini takomillashtirib, uni o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashtirishmoqda, ekstremistik materiallarni tarqatishning eng yangi usullarini o‘zlashtirib, auditoriyaga ta’sir o‘tkazishda zamonaviy texnologiyalar va usullarni qo‘llamoqda.
Bu sharoitda hozirgi tadbirning o‘tkazilishi SHHT va MDH makonida terrorizmga qarshi kurashda yagona yondashuvni ishlab chiqishni talab etuvchi xavfsizlikka tahdidlar yaxshi anglanayotganidan dalolat beradi, – dedi R.Mirzayev.
O‘zA