Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Serbiyaga tashrifi chog‘ida Belgradga 2,7 milliard yevrolik 12 ta yangi “Rafale” qiruvchi samolyoti yetkazish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu xabarni “Euronews” tarqatgan.
“Dassault” bosh direktori Erik Trappening so‘zlariga ko‘ra, shartnoma doirasida xaridor tomon 2029 yilgacha to‘qqizta bir o‘rindiqli, uchta ikki o‘rindiqli uchoq oladi. Mazkur loyiha bolqon mamlakatiga havo kuchlarini modernizatsiya qilish, eskirgan jangovar samolyotlarni almashtirish imkonini yaratadi.
Serbiya rasman Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish harakatini davom ettiryapti. Afsuski, 27 davlatdan iborat tuzilmaga qo‘shilishning asosiy sharti – qonun ustuvorligi va demokratiya islohoti bo‘yicha ushbu mamlakat erishgan muvaffaqiyat darajasi YeIni qoniqtirmayapti.
Makron kelishuvni “tarixiy va muhim” deb atadi va Serbiyani “Yevropa ruhini namoyish etgani” uchun olqishladi.
– “Rafale” qiruvchi samolyotlari tanlanishi davlatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli ittifoqni ifodalovchi aniq tanlov, – dedi Fransiya rahbari. – Bu qadam strategik hamkorligimizning bir qismi sifatida mavjud aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
O‘z navbatida Aleksandr Vuchich ham mazkur shartnoma “katta yangilik” ekanini aytdi.
– Biz Fransiya Prezidentiga shunday qaror qabul qilgani va yangi uchoqlar sotib olishga imkon bergani uchun minnatdorlik bildiramiz, – dedi Serbiya rahbari hujjatni imzolash marosimida.
“Rafale” – ko‘p vazifali qiruvchi samolyot bo‘lib, yerdagi va dengizdagi nishonga zarba berish, razvedka olib borish uchun mo‘ljallangan.
O‘.Alimov, O‘zA