Kecha tunda Fransiya poytaxti Parij shahrida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Bu galgi Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi Olimpiya o‘yinlari singari ilk bor stadiondan tashqarida o‘tkazildi.
Parijdagi Yelisey maydoni bo‘ylab Konkord maydoniga qadar bo‘lgan masofada ishtirokchi davlatlar bayroqlari 65 mingga yaqin tomoshabinlarning olqishlari ostida olib o‘tildi.
O‘ziga xos teatrlashtirilgan ochilish tantanalarida Fransiya moda tarixi, Paralimpiya o‘yinlarining kelib chiqishi xususidagi videorolik namoyishlaridan keyin, 2024 yilgi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbari Toni Estange va Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (XPK) prezidenti Endryu Parsonsning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigidan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yozgi Paralimpiya o‘yinlarini ochiq deb e’lon qildi.
Keng maydon sahnasiga Paralimpiya bayrog‘ini birinchi nogiron astronavt paralimpiyachi Jon Makfoll olib chiqdi.
Konkord maydonida tashkil etilgan marosimda matonatli paralimpiyachilarimiz Husniddin Norbekov va Mohigul Hamdamova O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan holda maydondan olib o‘tdi.
Tantanali marosimda Osiyo paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev ishtirok etdi.
Aytish lozim, 2024 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida 4400 nafar para sportchi 20 ta sport turi bo‘yicha kurash olib boradi. O‘n bir kunlik musobaqalar davomida iroda sohibi bo‘lgan para sportchilar Paralimpiya o‘yinlarining 549 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi, 2024 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida ham gender tenglik saqlab qolindi.
Bugun, 29 avgust kuni o‘yinlarning ilk kunida 11 ta sport turida bellashuvlar bo‘lib o‘tsa, shundan 4 ta yo‘nalishda “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlarining ilk medallari o‘z egalarini topadi.
Mamlakatimizning matonatli para sportchilari bugungi Paralimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan para suzish va para taekvonda musobaqalarida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Para suzish musobaqalarining turli yo‘nalishlarida Muzaffar Tursunxo‘jayev, Kirill Pankov, Islam Aslanov Shoxsanamxon Toshpo‘latova Muslima Odilova o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazsa, para taekvondo bellashuvlarida hamyurtimiz Ziyodaxon Isoqova -47 kilogramm vaznda g‘oliblik uchun kurashga kirishadi.
T.Ro‘ziyev, J.Toshxo‘jayev, O‘zA