Vatan sha’nini ulug‘lagan sportchilarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan ehtirom ortidan yurtimizdagi qator tashkilot va korxonalar ham ularga o‘z sovg‘alarini topshirmoqda.
Xususan, “Fonon” zargarlik zavodi O‘zbekiston Mustaqilligining 33 yilligi bayrami oldidan Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan sportchilarimizga yurtimizda ishlab chiqarilgan milliy oltindan ishlangan medallar bilan taqdirladi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Sh. Mahmudov, “Fanon” zavodi bosh direktori D. Rasulov XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ahamiyati, g‘olib va sovrindorlikka erishgan sportchilarimizning qahramonligi, yosh sportchilarimizga ruhiy quvvat bo‘lganligini e’tirof etishdi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bilan uchrashuvda ta’kidlanganlaridek, dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom ma’noda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy bo‘lganligi,mazkur Olimpiadada O‘zbekiston birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, ya’ni, 19 ta sport turida 90 nafar sportchi bilan ishtirok etgani, bu g‘alabalar, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishidan dalolat ekanligi aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, Parij-2024 o‘yinlarida g‘oliblikka erishgan Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, Hasanboy Do‘smatov va boshqa sportchilarimiz davlatimiz va xalqimiz tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlash, e’tiborga munosib bo‘lish borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.
T. Ro‘ziyev, A. Sodiqov (video), O‘zA