Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida muhim loyihalar, ta’lim va tibbiyot maskanlari, infratuzilma inshootlari foydalanishga topshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni poytaxtimizdagi shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari 2021 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining eski binosini borib ko‘rgan, sohada sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Sohada davolash samaradorligini oshirish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasa sifatida ajratildi. Onkologik shifoxonalar uchun qo‘shimcha 22 ta nur terapiyasi uskunasi olib kelindi. Kimyo terapiyasi vositalariga ajratilayotgan mablag‘ 11 barobar oshirilib, 13 million dollarga yetdi. 250 ga yaqin yangi tekshirish va davolash usullari viloyat va tuman darajasiga tushirildi.

Prezident qarorida Respublika onkologiya markazi uchun yangi majmua qurilishi ham belgilangan edi. Uning loyihasi Janubiy Koreyaning shu sohadagi klinikalari tajribasi asosida ishlab chiqildi. Uch yil davomida puxta ish olib borilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi yonidagi 5 gektardan ziyod maydonda zamonaviy shifoxona barpo etildi.

Yangi majmua 9 ta inshootdan iborat bo‘lib, asosiy binolar 8 qavatli. Ularda shifokor va bemorlar uchun kerakli sharoitlar inobatga olingan. Birinchi qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, ikkinchi qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti bo‘limi, xo‘jalik xonalari bor.

Avvalgi shifoxona 370 o‘rinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rinlar tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.

Davlatimiz rahbari markazdagi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.

 Biz ta’lim va tibbiyotga alohida e’tibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli bo‘lib, sog‘lom bo‘lsa, o‘z yo‘lini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion so‘m ajratib, “noldan” qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yo‘naltirildi. Endigi asosiy vazifa – xodimlarni o‘qitib olish, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda Yevropa va AQSH standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan. Ular  jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi.

Masalan, Siemens kompaniyasining MAGNETOM Altea rusumli magnitli tomografi sun’iy intellektdan foydalanib, ish jarayonini avtomatlashtiradi. Fuji kompaniyasining Senaria kompyuter tomografi kam dozali nurlanish va yuqori sifatli tasvir bilan bexato tashxis qo‘yadi. Shuningdek, 128 va 256 o‘lchamli multispiral tomograflar juda yupqa kesimlarda eng kichik o‘smalarni ham aniqlash imkonini beradi. Bular avval qo‘llanilganidan 8-16 barobar kuchli.

Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi. Yurtimiz bo‘ylab 1 ming 200 nafar onkolog chet elda o‘qitiladi.

Jarrohlik bo‘limida yiliga 6 mingta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazish imkoniyati bor. Jumladan, juda dolzarb bo‘lgan suyak ko‘migi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi uskunalar yordamida ko‘z, halqum va qizilo‘ngach qismi o‘smalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq o‘smalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.

Intensiv terapiya bo‘limida har bir yotoq o‘rni yurak monitorlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari va boshqa zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Nur bilan davolash uchun ilk bor yadroviy tibbiyot bo‘limi ishga tushirilmoqda. U 9 ta bunkerdan iborat bo‘lib, birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalariga o‘tkazilishi natijasida muolaja uzluksizligi ta’minlanadi. Chiziqli tezlatkichlarda nur bilan davolashning VMAT, SMAT kabi yangi usullari tatbiq qilinadi.

Ambulator kimyo terapiya 72 nafar bemorga mo‘ljallangan. Yangi infuzomat uskunalari olib kelingani natijasida bu davo osonlashadi va tezlashadi.

Prezident markazda ish jarayonini raqamlashtirish, bemorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Eng asosiy topshiriq – raqamlashtirish. Odamlar sarson bo‘lmasin, navbatda turib qiynalmasin. Bu markaz faqat Toshkent uchun emas, uni hududlardagi 15 ta shifoxona bilan shunday bog‘lash kerakki, bemorlar o‘zining kelish vaqtini, doktorini oldindan bilsin. Buning uchun sun’iy intellektni kengaytirib, inson omilini kamaytirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Markaz o‘zining hududlardagi filiallari bilan yagona elektron platformaga ulanadi va respublikada “kanser-registr” tizimi ishga tushiriladi. Buning natijasida nazoratda turgan barcha onkologik bemorlar haqidagi ma’lumotlar yaxlit ko‘rinib turadi.

Shu yerda Dmed yagona tibbiyot tizimi haqida ham axborot berildi. U shu yil yakunigacha Toshkentda to‘liq ishga tushiriladi. Keyinchalik butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etiladi.

Onkologiya markazida ilm va amaliyot uyg‘unligiga katta e’tibor qaratiladi. Pozitron emission va yagona fotonli emission kompyuter tomografiyasini qo‘llash bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. O‘smalarning molekulyar-genetik diagnostikasi asosida tadqiqotlar olib borilib, personallashtirilgan target va immunoterapiya davo usullari klinik amaliyotga tatbiq etiladi.

Umuman, yangi uskunalar va sharoitlar natijasida markazda o‘sma kasalliklarini erta aniqlash hamda davolash samaradorligi bir necha barobar oshadi. Pirovardida, o‘lim holatlarini kamaytirish, insonlarni sog‘aytirib, umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tibbiyot turizmiga ham manba bo‘ladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qo‘mondonlik va texnik kadrlar tayyorlaydigan, bir necha o‘quv muassasalarini birlashtirgan ko‘p bosqichli harbiy ta’lim tizimi yaratilgan. Jamoat xavfsizligi universiteti shulardan biri.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qayta tashkil topgan ushbu maskan malakali kadrlarni maqsadli tayyorlaydigan oliy harbiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. O‘quv yurtining asosiy vazifasi chuqur o‘qitish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish orqali jamoat xavfsizligini samarali tashkil etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Buning uchun Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun tegishli ravishda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi yo‘nalishlari bo‘yicha, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun esa harbiy diplomatiya, yurisprudensiya, iqtisodiyot, muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat sohalarida zamonaviy ta’lim beriladi.

Universitetga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar qabul qilina boshlagan. Bakalavriatda 15, magistraturada 8 yo‘nalish bor. Bugungi kunda bakalavriatda mingdan ortiq kursant, maxsus yo‘nalish, sirtqi ta’lim va magistraturada yana shuncha yoshlar tahsil olyapti. Ularga jami 209 nafar o‘qituvchi, professor va fan doktorlari saboq bermoqda.

O‘quv tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda umumfuqaroviy asosda o‘qishga ruxsat berilgan bo‘lib, bugungi kunda yurisprudensiya, iqtisodiyot va psixologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar tahsil olishmoqda. Universitet bitiruvchilari Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘linmalarida samarali xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘z qo‘riqlash tuzilmasiga ega davlat va xo‘jalik organlari uchun shu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

So‘nggi yillarda universitetning o‘quv binolari kapital ta’mirlanib, barcha sharoit yaratildi. Sport majmuasi va o‘quv-uslubiy situatsion markazi yangidan qurildi. Har biri 300 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta yotoqxona zamonaviy holatga keltirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

O‘quv xonalari keng va yorug‘, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangan. Axborot-resurs markazida 90 mingdan ziyod adabiyot va o‘quv qo‘llanmasi, 10 mingdan ortiq elektron adabiyot mavjud. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va oliy ta’lim muassasalarining yagona elektron kutubxona axborot tizimi bazalariga ulangan.

Universitetda ilmiy salohiyat oshib bormoqda. Tashkil etilgan yili bu bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda 75 foizga ko‘tarildi. Universitet jamoasi tomonidan turli fanlar bo‘yicha 200 dan ortiq o‘quv qo‘llanmasi, 120 ta darslik tayyorlanib, chop etildi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Universitetning yangi sport majmuasi ham ko‘zdan kechirildi.

Ikki qavatli majmuada basseyn, trenajyor va krosfit zali, boks, ko‘pkurash maydonlari tashkil etilgan. Katta sport zalida gimnastika, mini-futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi bilan birga balandlik tayyorgarligi va evakuatsiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish mumkin.

Kursantlar sportda ham katta yutuqlarga erishmoqda. Shu kungacha jahon chempionatlarida 4 oltin, 3 kumush, 5 bronza medal, qit’a va respublika musobaqalarida ham ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bir nechta talabalar davlat stipendiyalariga, harbiy xizmatchilar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ma’naviyat va ma’rifat markazida 500 o‘rinli tadbirlar zali, harbiy orkestr jamoasining shug‘ullanishi uchun alohida xona, vatanparvarlik muzeyi, psixologik markaz joylashgan. Davlatimiz rahbari ularning ijodiy chiqishlarini kuzatdi.

Toshkent xalqa yo‘li poytaxtimizning eng uzun va keng ko‘chasi. Faqat uning Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga – kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi.

Davlatimiz rahbari bu yerga kelib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yo‘l poytaxtimiz va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bog‘laydi. So‘nggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qo‘llanildi. Yo‘lning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.

O‘ziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.

Ko‘chaning Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi. Mamlakatimizda ilk bor qo‘llanilgan bu usulning afzalligi ko‘p. Xususan, uning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati esa yuz yildan ortiq. O‘tkazgichni ta’mirlash ishlari ham ancha arzon tushadi.

Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetoforlar o‘rnatildi. O‘n uchta bekat qurildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Prezident yangi yo‘l va inshootlar Mustaqillik bayramiga tuhfa ekanini ta’kidlab, xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladigan bunday qurilishlar davom ettirilishini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda 12 ming 600 kilometr avtomobil yo‘llari, ikki yuzga yaqin ko‘prik rekonstruksiya qilingan.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari