Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan natijalar tarix sahifalarga oltin harflar bilan bitildi.

Xalqimiz bu zafarli odimlarni qayta-qayta eslashdan, g‘oliblarimiz nomini takror-takror e’tirof etishdan charchamaydi. Zabt etilgan marra shunga arziydi.

Ushbu katta sport bahslarida ikki yuzdan ziyod davlatdan o‘n bir ming nafarga yaqin kuchli atletlar medallar uchun kurash olib bordi. Mamlakatimiz o‘n to‘qqiz sport turi bo‘yicha to‘qson nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Murosasiz bahslar ortda qoldi, yutuqlardan boshimiz ko‘klarga yetdi, g‘alabalarga biroz ko‘nikdik. Lekin o‘sha quvonchli lahzalar shukuhi, hayajoni hali hech birimizni tark etgani yo‘q.  Sakkizta oltin, ikkita kumush, uchta bronza medali qo‘lga kiritilgani Yangi O‘zbekistonga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.

Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi. Ular bilan dildan muloqot bo‘ldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi. Uchrashuvdan so‘ng ularning ba’zilarini suhbatga chorladik.

Abdumalik Xaloqov, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Parij Olimpiadasi g‘olibi: 

– Bu galgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha mutlaq peshqadam – birinchi o‘rindamiz. Bu yurtimizda sportga, yoshlarga bo‘layotgan e’tiborning natijasi. Mashg‘ulotlar, ayniqsa, bahslarga tayyorgarlik jarayonida barcha imkoniyatlar yaratib berildi.  Natija shunga mos bo‘lganidan xursandmiz. Bunday nufuzli musobaqalarda zafarli yurishlarimiz davom etadi. Bugun davlatimiz rahbaridan «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvonini qabul qildim. Bu menga yanada katta kuch beradi.

 

Diyora Keldiyorova, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Parij Olimpiadasi g‘olibi:

– Menga bu natijani qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi. Chunki Tokio Olimpiadasida medal olganlar bilan kurashdim. Prezidentning, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi menga kuch berdi. Kelajakda ham butun dunyoga o‘zbek ayollari qanday kuchga ega ekanini ko‘rsatamiz. Ushbu Olimpiadada dastlabki oltin medalning sohibi bo‘lish baxti menga nasib qilganidan juda xursandman. Bu ham dzyudo bo‘yicha, ham ayollar o‘rtasida yurtimizning musobaqadagi birinchi oltin medali bo‘lib tarixga kirdi.

Prezidentning g‘amxo‘rligini his qilib turish g‘ayratim va kuchimni oshirib turadi. Bugun ham «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvonini ko‘ksimga taqar ekanlar “Diyora, qizim”, dedilar. Mana shunday otalarcha mehrga hamisha munosib bo‘lishga harakat qilaman. Bugungi tadbirda onam ham ishtirok etdilar. Ularning quvonchini ko‘rganimdagi baxtiyorlikni ta’riflay olmayman. G‘alabalarimiz mana shunday unutilmas lahzalarni olib kelar ekan, biz zafar quchishdan charchamaymiz.

 

Sabohat Jalolova, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning onasi:

– Prezidentimiz o‘g‘limni «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi. Olimpiadada yuqori natijalarga erishgan, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirishga hissa qo‘shayotgan yigit-qizlar orasida Bahodirjonning ham borligidan hamisha g‘ururlanaman. Bolam Vatan va ona tushunchalarini hamisha birga tasavvur qiladi. Mening nima istashimni ko‘zlarimdan ilg‘aydi, quvonib yurishim, xotirjam bo‘lishim uchun hamma narsaga tayyorligini bilaman. O‘zbekistonimiz, uning shon-shuhrati uchun ham borini beradi. Farzandlarni hamisha duo qilamiz. Yutuqlari, g‘alabalari davomli bo‘lsin. Ularning safi kengayaversin.

Toshkent shahrida boks bo‘yicha Bahodir Jalolov ixtisoslashtirilgan sport mahorati maktabi faoliyat olib boryapti. Bu yerda ham xalqaro darajadagi bokschilar tayyorlanmoqda. O‘g‘limga shuncha ishonch bildirilayapti, u buni oqlashiga ishonaman. Farzandim bir so‘zli, bugun ham Prezidentimizga professional boksda to‘rtta kamarni qo‘lga kiritishni aytib, polvon bitta gapiradi dedi. Ilohim, niyatiga yetsin.

 

Ikrom AVVALBOEV, 

Nosirjon HAYDAROV (surat),

 O‘zA