Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
–
Turkiya va Suriya razvedka idoralari darajasida
muzokara olib borishi mumkin
Anqara va Damashq yaqin orada razvedka idoralari darajasida muzokara boshlashi, uchrashuv hech qanday shartsiz o‘tishi mumkin, deb xabar tarqatdi “Hürriyet” gazetasi. Avvalroq Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar Asad Xalq kengashi (parlament) yangi chaqirig‘i oldidan so‘zlagan nutqida Rossiya, Eron va Iroq vakillaridan iborat vositachilar Suriya va Turkiyani yarashtirishga jiddiy uringani, biroq hozircha biror kelishuv yo‘qligini aytgan edi.
– Anqara ham, Damashq ham kun tartibidagi masala e’lon qilingan bo‘lsa, muzokara davrasiga oldindan shart qo‘ymasdan kelish tamoyili saqlanib qolsa, yaqin kelajakda razvedka darajasida muzokara boshlanishi mumkin, – deyilgan bayonotda.
Xitoy davlatlarni Rossiya va Ukraina muzokarasini
osonlashtirishga chaqirmoqda

Pekin yanada ko‘proq davlatlarni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokarani boshlash uchun sharoit yaratishga chaqiradi, dedi bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey.
Pekin tinchlikni tiklashda konstruktiv rol o‘ynashni davom ettirish, tinchliksevar davlatlar sonini orttirish orqali inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga tayyorligi ta’kidlangan. Shu maqsadda XXR diplomati 28 iyuldan 7 avgustgacha Braziliya, Janubiy Afrika va Indoneziyaga bordi.
Tojikiston Qozog‘istonga qariyb 500 million kub metr suv berdi

Tojikiston Qozog‘istonga qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun 500 million kub metrga yaqin suv bergan. Ayni ma’lumotni seshanba kuni Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmati tasdiqladi.
– 1 iyundan buyon Tojikiston “Do‘stlik” davlatlararo kanali orqali Qozog‘istonga 488,6 million kub metr suv jo‘natdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 million kub metr ko‘p, deyilgan xabarda.
Vazir Nurjan Nurjigitov aytishicha, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari qatori Tojikiston ham Qozog‘iston uchun muhim hamkor bo‘lib qolmoqda.
Shuninndek, 1 apreldan beri O‘zbekiston Qozog‘istonga Sirdaryo bo‘ylab 4 milliard kub metrdan ortiq suv jo‘natgani ta’kidlangan. Qolaversa, Shu-Talas suv komissiyasi 33-yig‘ilishida ushbu qardosh davlatga Qirg‘izistondan Shu daryosi bo‘ylab 180 million kub metr, Talas daryosi bo‘ylab esa 380 million kub metr suv yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Iordaniya BMT Xavfsizlik kengashini Isroilga chora ko‘rishga chaqirdi
Iordaniya TIV rahbari Ayman As-Safodiy BMT Xavfsizlik kengashini Isroilga nisbatan chora ko‘rishga chaqirdi. Bunga milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Quddusdagi Ma’bad tog‘ida sinagoga qurish istagi yuzasidan bergan bayonoti sabab bo‘ldi.
Avvalroq Ben-Gvir yahudiylar va musulmonlar huquqini tenglashtirish uchun Quddusning eski shahridagi Ma’bad tog‘ida sinagoga qurgan bo‘lardim, deya bayonot bergandi.
– Biz Xavfsizlik kengashi va xalqaro hamjamiyatning barcha a’zolarini Isroil tomonidan Quddusning bosib olingan muqaddas joylarida amalga oshirilayotgan, tarixiy va huquqiy status-kvoni buzuvchi noqonuniy harakatlarni to‘xtatish uchun zudlik bilan samarali choralar ko‘rishga chaqiramiz, – deb yozdi As-Safodiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Xavfsizlik kengashi Isroil Ma’bad tog‘idagi Al-Aqso masjidi atrofida qonunbuzarlikni kuchaytirishiga qarshi bajarilishi majburiy bo‘lgan rezolyutsiya qabul qilishi kerak.
Britaniya va Germaniya mudofaa sohasidagi kelishuv bo‘yicha
muzokara olib boryapti

– Germaniya bilan tuziladigan yangi shartnoma Buyuk Britaniyaning Yevropa bilan munosabatini kengroq doirada tiklashga intilishdir, – deyilgan Buyuk Britaniya Bosh vaziri idorasidan tarqatilgan xabarda. – Bu harakat hozir muhokama qilinayotgan, kuzda yakunlanadigan mudofaa shartnomasiga asoslanadi. Ikkala tomon 2025 yil boshida yangi hamkorlik to‘g‘risida kelishib olishni istaydi.
AQSH yaqin kunlarda Polshaga ilk F-35 qiruvchi samolyotini topshiradi

AQSH bir necha kun ichida Polshaga xarid qilingan F-35 qiruvchi samolyotlarini topshirishga tayyorlanmoqda, dedi Bosh vazir o‘rinbosari, milliy mudofaa vaziri Vladimir Kosinyak-Kamish jurnalistlarga.
“AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan Pentagondagi uchrashuvimiz xavfsizlik kafolati, hamkorlik, biz amalga oshirayotgan xaridlar, Polshaga texnologiya uzatish tezligi, harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga bag‘ishlanadi”, — degan vazir.
2019 yil mart oyida Polsha Mudofaa vazirligi rahbari mamlakat Qurolli kuchlarini 2026 yilgacha texnik modernizatsiya qilish rejasini imzolagan edi. Hujjatda 32 ta beshinchi avlod F-35 samolyoti xarid qilish ham ko‘zda tutilgan.
Stoltenberg 28 avgust kuni NATO – Ukraina kengashi majlisini chaqiradi

Majlis Kiyev so‘rovi bilan chaqirilmoqda, deb yozgan Reyter agentligi alyans vakiliga tayanib.
Avvalroq Stoltenberg Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida NATO – Ukraina Kengashi majlisida Ukraina hukumati bilan harakatni muvofiqlashtirib borish uchun tuzilmaning yuqori darajadagi vakili tayinlanishini ma’lum qilgan.
Gruziyada parlament saylovi 26 oktyabrga belgilandi
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili parlament saylovi kunini rasman e’lon qildi.
“Birinchi navbatda saylov 26 oktyabrga belgilanishi to‘g‘risidagi farmonni imzolamoqchiman”, dedi u brifingda.
Gruziyada saylov kampaniyasi boshlanishi va saylov kuni 60 kun oldin e’lon qilinadi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, saylov oktyabr oyining oxirgi shanbasiga to‘g‘ri kelishi kerak. Ilk bor elektron ovoz berish tizimidan foydalaniladigan yuu galgi saylov to‘liq proporsional tizim, ya’ni partiya ro‘yxati bo‘yicha o‘tkaziladi. Kamida 5 foiz ovoz olgan partiya qonun chiqaruvchi organ tarkibiga kiradi.
Zelenskiy Rossiya bilan urushning yangi rejasi xususidabayonot berdi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Baydenga Rossiya Federatsiyasi bilan urushning yangi rejasini ko‘rsatmoqchi ekani hamda bu hujjatni prezidentlikka nomzodlar Donald Tramp va Kamala Xarrisga ham yetkazish to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda “Ukraina uchun g‘alaba rejasi” bor.
– Men batafsil gapirmayman, reja tayyor, – dedi Zelenskiy Ukraina telemarafonida efirga uzatilgan matbuot anjumanida.
S.Rahimov, O‘zA