Ukrainada Rossiya gazini boshqa mamlakatlarga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvni uzaytirish rejasi yo‘q. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
– Hech kim Rossiya bilan kelishuvni davom ettirmaydi, – degan u “Ukraina-2024. Mustaqillik” forumidagi matbuot anjumani chog‘ida. – Bu oxiri. Boshqa kompaniyalardan gaz tranzitiga kelsak, ayrim yevropalik hamkasblarimiz iltimosini birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Davlat rahbari RF hududida G‘arb qurolini qo‘llash bo‘yicha muayyan cheklov saqlanib qolayotganini hamkor-yetakchilar qanday izohlashi yuzasidan ham fikr bildirib, g‘arblik hamkorlar u bilan mazkur taqiqni bekor qilish haqida gaplashishdan qochayotganini aytdi.
– Ular bu haqda gaplashmaslikka harakat qiladi, men esa masalani ko‘taraman, – dedi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti yangi tinchlik sammitiga tayyorgarlik tafsilotini ham oshkor qildi:
– Ukraina Rossiya birinchi sammitda qatnashmasligi tarafdori. Kiyev noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tinchlik sammiti rejasi bandlarini tayyorlaydi. RF vakillarining “Ikkinchi jahon sammiti”dagi ishtiroki masalasiga kelsak, bu barcha mamlakatlar xohishi bilan bog‘liqligidan kelib chiqish zarur. Urushni tugatish imkoni borligiga ishonamiz. Biz Rossiya vakillarisiz davlatlarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Oson bo‘lmadi, lekin juda ko‘p sonli – 100 dan ziyod mamlakat, institutni birlashtirdik. Menimcha, bu juda muhim va muvaffaqiyatli jarayon. Agar RF keyingi sammitga kelishni xohlasa, marhamat! Aks holda, biz ikkinchi yig‘ilishda juda ko‘p davlatlarni yo‘qotishimiz mumkin.
Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan uchrashishini ham ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, endi ko‘p masala AQSH bilan hal bo‘ladi, shu bois Vashington bilan ko‘proq muloqot qilish kerak. Ukraina rahbari Yevropa davlatlari Rossiya hududiga raketa zarbasi berilishiga ruxsat berish haqida qaror chiqarishi ham Qo‘shma Shtatlar pozitsiyasiga bog‘liq ekaniga sha’ma qildi.