Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
–Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Olimpiada o‘yinlarida nafaqat kurashchi-pahlavonlar yurti, balki chavandoz va yuguruvchilar, mergan va qilichbozlar, gimnast va suzuvchilar, futbolchi va tennischilar, marafonchi va velosportchilar mamlakati sifatida ham munosib ishtirok etishi kerak, – dedi Prezident.
Buning uchun mamlakatimizdagi zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yo‘nalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozimligi ta’kidlandi.
Hukumatga sport federatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda har tomonlama asoslangan takliflarini kiritish topshirildi.
Ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas bir qismi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Shu bois mamlakatimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirish haqida takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA