O‘zbekistonning turizm salohiyati bugun butun dunyoni o‘ziga jalb etmoqda. Mamlakatimizga Yaponiyadan sayyohlar sonini oshirish maqsadida kun chiqar mamlakatning «NHK» telekanali ijodiy guruhi yurtimizga kelgan edi. Tashrif doirasida «NHK» telekanali dasturida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga oid videoreportaj taqdim etildi, deyiladi Turizm qo‘mitasi ma’lumotida.
Unda Yaponiya xalqini O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent va Samarqand shaharlari, Zomin va Bo‘stonliq tumanlaridagi turizm infratuzilmasi, sayyohlik maskanlari, boy madaniy merosimiz, hunarmandlar ijodi va xorijiy mehmonlar uchun mahorat dasrlari haqida so‘z yuritiladi.
Yaponiya telekanali dasturida O‘zbekistonning turfa xil milliy taomlari, boy tarixiy obidalari va chiroyli tabiati hamda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligiga alohida urg‘u berilgan. Bundan tashqari, ko‘rsatuvda shaharlarimizda xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan qulaylik to‘g‘risida yurtimizda sayohat qilib yurgan yaponiyalik turistlar o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan.
Telereportajda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatimizda turizm sohasida yaratilgan imkoniyatlar, olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan yutuqlar haqida gapirib, yaponiyaliklarni mamlakatimizga sayohat qilishga chorladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA