Iste’dodli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov AQSHning Sent-Luis shahrida davom etayotgan «Sinquefield Cup-2024» turnirining kecha o‘tkazilgan 7-turida muvaffaqiyatga erishdi.
Abdusattorov oq donalarda amerikalik Uesli Soga qarshi bahs olib bordi. Shiddatli kechgan uchrashuvning 38-yurish holatida AQSH vakili mag‘lubiyatni tan oldi.
Mazkur turda quyidagi hisoblar qayd etildi:
Maksim Vashe Lagrav – Anish Giri 0,5:0,5;
Rameshbabu Pragnanandxa – Yan Nepomnyashiy 0,5:0,5;
Alireza Firuzja – Din Lijen 1:0;
Fabiano Karuana – Dommaradju Gukesh- 0,5:0,5.
Ortda qolgan 7-tur o‘yinlaridan so‘ng Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko bilan ko‘rsatkichlar evaziga 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Xuddi shuningdek, 3,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Dommaradju Gukesh, Maksim Vashe Lagrav, Uesli So, Rameshbabu Pragnanandxa 4-7-o‘rinlar oralig‘idan joy olgan. Xalqaro turnir yetakchiligi esa hozircha 4 ochkoga ega Alireza Firuzja va Fabiano Karuanaga tegishli bo‘lib turibdi.
Bugun o‘tkaziladigan 8-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda jahon chempioni xitoylik Din Lijen bilan ro‘baro‘ keladi.
29 avgust kuni «Sinquefield Cup-2024» turnirining so‘nggi tur o‘yinlarida o‘rinlar taqsimoti va g‘oliblik kimga nasib etishiga oydinlik kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat turnirda 1-o‘rin uchun 100 ming, 2-o‘rin uchun 65 ming, 3-o‘rin uchun 48 ming, 4-o‘rin uchun 32 ming, 5-o‘rin uchun 26 ming, 6-o‘rin uchun 21 ming, 7-o‘rin uchun 18 ming 500, 8-o‘rin uchun 16 ming, 9-o‘rin uchun 13 ming va 10-o‘rin uchun 10 ming 500 AQSH dollari beriladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA