O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Ko‘ksaroy qarorgohida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlat rahbarlarining muzokaralari doirasida o‘tgan suhbat chog‘ida qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, bunda madaniy-gumanitar aloqalarimiz, an’ana va qadriyatlarimiz mushtarakligi alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
So‘ng Birinchi xonimlar Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazidagi “Mehrli maktab” gospital turdagi maktabda bo‘ldilar. Muassasa O‘zbekistonda yangi yo‘nalish – gospital pedagogikaning shakllanishi uchun ilmiy va amaliy tayanch hisoblanadi. Bu yerda uzoq muddat davolanayotgan bolalar ta’lim olish va ijod qilish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda respublikamizda bunday muassasalar soni sakkizta. Ko‘plab ezgu loyihalar tashabbuskori Mehribon Aliyeva ana shunday o‘ziga xos vazifani ado etayotgan maktabdagi muhitdan juda ta’sirlandi.
Muloqot davomida O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur ko‘rgazmasiga tashrif buyurildi va milliy liboslar namoyishi bilan tanishildi.