Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Abu Dhabi Chess Festival 2024” turnirining kecha o‘tkazilgan 6-tur musobaqalari shaxmatchilarimiz uchun omadli bo‘ldi.

Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan 11 nafar shaxmatchimizning 7 nafari g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 3 nafari durang qayd etdi.

Nufuzli turnirning markaziy uchrashuvlaridan biri sifatida ko‘rilgan Nodirbek Yoqubboyev va Abdumalik Abdusalimov uchrashuvida Yoqubboyevning qo‘li baland keldi. Mahoratli shaxmatchilarimizdan shuningdek, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Saidakbar Saidaliyev, Afro‘za Hamdamova, Ortiq Ne’matov, Humoyun Bekmurodov raqiblarini taslim etdi. Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov va Bahrom Baxrillayev durangga erishdi.

Bugun, 22 avgust kuni boshlanishi kutilayotgan 7-tur ostonasida turnir jadvalida 7 nafar shaxmatchi 5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ular orasidan joy olgan Nodirbek Yoqubboyev ko‘rsatkichlar evaziga 217 nafar shaxmatchi orasida 2-o‘rinni egallab turibdi. Shamsiddin Vohidov 7-o‘rindan joy egallagan. 8-pog‘onada borayotgan Javohir Sindorov hisobida 4,5 ochko mavjud.

Iqtidorli shaxmatchilarimizdan Ortiq Ne’matov, Abdumalik Abdusalimov, Humoyun Bekmurodov, Saidakbar Saidaliyevlar 27 nafar shaxmatchi qatorida 4 ochko jamg‘argan.

Bugun o‘tkaziladigan 7-turda g‘oliblikka asosiy da’vogarlar kuch sinashadi. Xususan, hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda turnirda 3-o‘rinda borayotgan FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan David Paravyanga qarshi dona suradi. Shamsiddin Vohidov ham qora donalarda hindistonlik Pranav bilan, Sindorov bo‘lsa oq donalarda yana bir hind shaxmatchisi Luke Mendonka bilan ro‘baro‘ keladi. Turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan rossiyalik Volodar Murzin 6-o‘rindan joy egallagan hindistonlik Raunak Sadxvani bilan kuch sinashadi.

“Abu Dhabi Chess Festival 2024” musobaqasining so‘nggi tur bahslari 24 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA