–
Modi Ukrainaga tashrifi oldidan murojaat bilan chiqdi
“Hindustan Times” nashri yozishicha, Bosh vazir Narendra Modi jahon hamjamiyatini insoniyatga xavf solayotgan tahdidlar qarshisida birlashishga chaqirgan:
– Hindiston urushga emas, tinchlikka ishonadi. Biz ushbu mintaqada tinchlik qaror topishi tarafdorimiz. Insoniyatga xavf solayotgan tahdidlarga qarshi turish uchun birlashish kerak. Mamlakatimiz diplomatiya va muloqotdan umidvor.
Modi juma kuni Kiyevga keladi. Bu haqda Hindiston TIV bayonot bergan. Mamlakat tashqi siyosat idorasi rahbari o‘rinbosari Tanmaya La’l mazkur rasmiy tashrif Prezident Vladimir Zelenskiy taklifiga binoan amalga oshayotganini ma’lum qilgan.
Kartoshka qaysi mamlakatda arzon?
Pokiston kartoshka eng arzon sotiladigan davlat ekan. Ushbu mahsulotni eng ko‘p yetishtiradigan Rossiya esa bu borada 23-o‘rinni egallagan.
“RIA Novosti” tahliliga ko‘ra,Bangladesh, Afg‘oniston va Hindistonda ham kartoshka arzon. Belarus va Ukraina ham mazkur ro‘yxatda birinchi o‘nlikka kiritilgan.
Eng qimmat kartoshkani orollarda joylashgan kichik davlatlarda uchratish mumkin ekan. Bu tabiiy, chunki ayni mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun tabiiy sharoit yetarli emas. Boshqa mamlakatdan olib kelish tannarxni oshiradi. Masalan, Palau, Vanuatu, Antigua va Barbuda shunday hududlar hisoblanadi.
Kartoshka qimmat yurtlar orasida taraqqiy etgan Janubiy Koreya va Monako ham qad etilgan. AQSH arzon yigirmalikdan joy olgan.
Kiyev Rossiya bilan muzokaraga tayyorgarlikni boshlashi mumkin
Ukraina hukumati kelayotgan kuzda Rossiya bilan tinchlik muzokarasi olib borish uchun hozirlik ko‘rishni istayapti, deb yozdi “Kyiv Independent” nashri Prezident Vladimir Zelenskiyga yaqin manbalarga tayanib.
Maqolada “zamin tayyorlash” jarayoni qanday kechishi va nimadan iborat bo‘lishiga aniqlik kiritilmagan.
AQSH avitashuvchisi Yaqin Sharqqa yetib keldi
AQSH aviatashuvchisi “Abraham Lincoln” Yaqin Sharqqa yetib keldi. Kemada qiruvchi samolyotlar bor. Bu xabarni AQSH Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tasdiqladi.
Pentagondagilar mintaqaga aviatashuv qurilmalariga ega yangi zarbdor guruh jo‘natilgani, muayyan hududga qo‘shimcha raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi joylashtirilishini e’lon qildi.
– F-35C va “F/A-18 Block III qiruvchi samolyotlariga ega “USS Abraham Lincoln” majmuasi Markaziy qo‘mondonlik ixtiyoriga berildi, – deyilgan bayonotda.
“Gruziya orzusi” partiyasi yetakchisi Saakashviliga
Nyurnberg jarayoni bilan tahdid qildi
Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi va raisi Bidzin Ivanishvili bayonot berishicha, kuzda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovidan keyin sobiq Prezident Mixail Saakashvilining muxolif “Yagona milliy harakat” partiyasi uchun Nyurnberg jarayoni tashkil qilinadi.
Gruziyada parlament saylovi 26 oktyabr kuni o‘tkaziladi.
Avvalroq Bosh vazir Irakliy Kobaxidze “Gruziya orzusi” g‘alabaga erishsa, “Yagona milliy harakat” tuzilishi konstitutsiyaga zid, deb e’lon qilinishini aytgandi.
Sandu prezidentlikka nomzodini ko‘rsatdi
Moldovaning hukmron “Harakat va birdamlik” partiyasi yaqinlashayotgan prezident sayloviga amaldagi davlat rahbari Mayya Sandu nomzodini ko‘rsatdi, deb yozgan partiya matbot xizmati.
Kecha Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar va Yevrointegratsiya bo‘yicha referendum ishtiroqchilarini ro‘yxatga ola boshladi. Tashabbuskor guruh 15 000 dan 25 000 tagacha imzo to‘plashi kerak. Imzolar MSKga 20 sentyabrgacha topshirilishi shart.
MYU endi xodimlarni tekin ovqatlantirmaydi
“Manchester Yunayted” rahbariyati mablag‘ tejash maqsadida xodimlarni musobaqa kunlari bepul ovqatlantirishni to‘xtatdi. Shuningdek ishqibozlar uchun dasturlar soni ham kamaytiriladi.
“Daily Mail” nashri yozishicha, yangi choralar fevral oyida klub egalaridan biriga aylangan Jim Redkliff tomonidan ishlab chiqilgan keng ko‘lamli islohot doirasida amalga oshirilyapti. Yangi xo‘jayin kelgach, 250 kishi ishdan bo‘shatilgan.
Demokrat Uols vitse-prezidentlikka rozi
Minnesota shtati gubernatori, demokrat Tim Uols chorshanba kuni kechqurun AQSH vitse-prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilishiga rasman rozilik berdi.
– AQSH vitse-prezidenti lavozimiga nomzodim ko‘rsatilishi men uchun umrbod sharaf bo‘lib qoladi, – dedi u Chikagoda bo‘lib o‘tgan Demokratik partiya qurultoyida so‘zga chiqib. – Buning sababi oddiy – biz bu mamlakatni sevamiz.
S.Rahimov, O‘zA