Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev​ O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasi vakillariga mazkur ansambl mazmuni va me’moriy yechimlari haqida ma’lumot berildi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumenti istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan.

Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga e’tibor qaratgan kishi mana shu zalvorli o‘tmishning badiiy ifodasiga guvoh bo‘ladi.

Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qo‘yish an’anaga aylangan.

Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi.

Z.JONIBEKOV,

N.HAYDAROV (surat), O‘zA