Markaziy bank 2024 yil II choragi bo‘yicha aholining iste’mol kayfiyati sharhini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, joriy yil II chorakda daromad subindeksi avvalgi chorakka nisbatan 0,7 foizga pasayib, 70,3 bandga teng bo‘lgan va o‘tgan yilning mos davri darajasida shakllangan.

Kelgusida daromadlar oshishi bo‘yicha kutilmalar indeksi biroz pasaygan bo‘lsa-da, so‘rov ishtirokchilarining qariyb uchdan ikki qismi kelgusi choraklarda daromadlari ko‘payishini kutyapti.

Kelgusida daromadi oshishini kutayotgan respondentlarning aksariyat ko‘pchiligi 5-7 mln so‘m, 7-10 mln so‘m va 10 mln so‘mdan yuqori oylik daromadga ega bo‘lgan guruhlarga to‘g‘ri kelmoqda. Daromadi nisbatan pastroq (2-3 mln so‘mgacha) bo‘lgan aholi vakillarining kelgusida daromadi ortishi bo‘yicha kutilmalari qolgan daromad guruhlariga nisbatan pastroq shakllangan.

Respondentlarning 68 foizi (o‘tgan chorakda 75 foiz) rasmiy ish xaqidan daromad olishini ta’kidlagan. Tadbirkorlik, tomorqa faoliyati hamda pul o‘tkazmalari orqali daromad oluvchilarning ulushi ortgan.

So‘rovda turizm, maishiy xizmat, tashish xizmati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchilar daromadlarining oshishi bo‘yicha optimistik kutilmalar qayd etilgan bo‘lsa, aksincha, davlat boshqaruvi, bank-moliya, kommunal xizmatlar va qurilish sohasidagilarning kutilmalari nisbatan pessimistik bo‘lgan.

Xarajat subindeksi

Ikkinchi chorakda respondentlarning ko‘pchiligi pulning katta qismini uy-joy ta’miri (25,8 foiz), ta’lim (20,5 foiz) va davolanish (20,1 foiz) uchun sarflashganini qayd etgan. O‘z navbatida xarajatlar tarkibida avtomobil sotib olganlar ulushi birinchi chorakdagi 12,3 foizdan 10,5 foizgacha, uy-joy xaridi ulushi 6,2 foizdan 5,8 foizgacha qisqargan.

Mebel sotib olish (5,3 foizdan 4,3 foizga), elektron qurilmalar (4,8 foizdan 3,5 foizga), oilaviy tadbirlar (11,5 foizdan 9,2 foizga) bilan bog‘liq xarajatlar ulushi ham kamaygan.

O‘z navbatida, to‘y marosimlari (7,7 foizdan 8,4 foizga), sayohat (5,2 foizdan 6,5 foizga) va uy-joylarni ta’mirlash (23,7 foizdan 25,8 foizga) bilan bog‘liq xarajatlar ulushi ortgan.

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar jamg‘armalari mavjud emasligini ta’kidlagan. Shuningdek, jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi taxminan 34 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1−3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich taxminan 17 foizga teng bo‘dgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA