Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrif doirasida Kegeyli tumanidagi Juzimbag‘ ovulida uzumchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish boshlandi. 

Barcha hududlar qatori Qoraqalpog‘istonda ham iqtisodiyotni tez o‘stirishga zamin tug‘diradigan drayver yo‘nalishlarda investitsiya, ish o‘rni, eksportni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

O‘tgan davrda Qoraqalpog‘istonda 1,4 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushdi. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga ko‘payib, 212 ming odam doimiy ishga joylashdi.

Qoraqalpog‘istonda biznes va investitsiya uchun qulay muhit, daromad topish uchun yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

Masalan, faoliyatini mikro-loyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi o‘rta biznesga o‘tdi. Yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.

O‘zA