Joriy yilning 28 avgust-8 sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizning 65 nafar sportchisi 9 ta sport turi – para yengil atletika, para taekvondo, para o‘q otish, para suzish, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para dzyudo, para pauerlifting va para velosport yo‘nalishlaridagi 113 ta sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqalaridan biri bo‘lgan mazkur sport tadbirida munosib ishtirok etish uchun turli paralimpiyachilarimiz so‘nggi tayyorgarlik bosqichini o‘tkazmoqda.
Xabaringiz bor “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlarining para yengil atletika musobaqalari 30 avgust kunidan 7 sentyabr kuniga qadar, para suzish bahslari esa 29 avgustdan, 7 sentyabr kunigacha bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bahslarga eng ko‘p litsenziya qo‘lga kiritgan para yengil atletika va para suzish bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari shu kunlarda Fransiyada so‘nggi adaptiv mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
Terma jamoa murabbiylari hamda para sportchilar iqlimga moslashib olishlari uchun maxsus dastur asosida tayyorgarlikni davom ettirayotir. Eng muhimi, mamlakatimiz Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan ularga barcha sharoitlar yuqori darajada yaratib berilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA