Aksariyat ota-onalar farzandi olti yoshga to‘lishi bilan uni maktabga berishni xohlaydi. Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Tibbiy nuqtayi nazardan bunday bolalar o‘quv jarayonida qiynalib qolmaydimi?

Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Inobat Ahmedova javob berdi.

– Albatta, bu savol bugun ko‘pchilik ota-onalarni qiziqtiradi, – deydi mutaxassis. – Bilasizmi, bobo-buvisi bilan birga yashaydigan aksariyat bolajonlarni kuzatsak, ular tengdoshlariga nisbatan ancha aqlli va ziyrak bo‘ladi. Hatto, ayrim olti yoshdagi bolalarning yetti yoshli o‘g‘il-qizlarga nisbatan birmuncha uquvli ekaniga ham guvoh bo‘lamiz.

Shu bois ko‘pchilik ota-onalar yetti yoshga to‘lmasa ham «farzandim maktabga borsin» deydi. Vaholanki, olti yoshda bola har qancha aqlli bo‘lmasin, ularda fikrlash qobiliyati to‘liq shakllanib ulgurmaydi.

Chunki yetti yoshgacha uning miyasi o‘sish jarayonida bo‘lib, ayni shu yoshdan keyin takomillashadi. Ya’ni, bu fiziologik holat hisoblanadi.

Qolaversa, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayib, aniqlashadi va o‘zaro moslashuv boshlanadi. Ular o‘zini idora etish, harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Yetti yoshda diqqatni jamlash, vaziyatni baholash va qiyinchiliklarga duch kelganda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganadi.

Shuningdek, bu yoshda bola ham jismonan, ham ruhan chiniqadi, qiziquvchanligi ortadi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni anglashga intiladi. Shuningdek, bu yoshda ularda gigiyenik malakalar shakllanadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunida ham umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘g‘il-qizlarning maktabga yetti yoshdan borishi nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishi, balki kelajagi uchun ham muhimdir.

O‘zA