Kuvayt axborot agentligi – KUNA O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidovning ushbu davlat tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali Al-Yahyo va boshqa qator mutasaddilar bilan uchrashganini batafsil yoritdi.

– Hamkasbim bilan ikki tomonlama kun tartibidagi barcha yo‘nalishlarni muhokama qildik, – dedi B.Saidov xorij OAV muxbiriga. – Shubhasiz, sherikligimizda hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud. Iqtisodiy aloqani rag‘batlantirish, mintaqalar aro bog‘liqlikni mustahkamlash, muntazam almashinuvni faollashtirish, o‘zaro shartnomaviy-huquqiy asosni kuchaytirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatni yanada yaxshilash va kadrlar salohiyatini oshirish ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari hamkorligi to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumini imzoladik.

Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbarining Kuvayt moliya hamda iqtisodiy ishlar va investitsiya bo‘yicha davlat vaziri doktor Anvar Ali Al-Mudaf bilan muloqoti davomida noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Savdo bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisi uchun sermazmun kun tartibini tuzish zarurligiga urg‘u berildi. O‘zaro savdoni kuchaytirish va diversifikatsiya qilish, B2B aloqalarni muntazam rag‘batlantirish, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

O‘zbekistonlik diplomat va mezbon tomon investitsiya agentligi ijrochi direktori G‘anim Sulaymon Al-G‘animan o‘rtasidagi uchrashuvda tegishli sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Muzokara kun tartibidan o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, eng ilg‘or jahon tajribasi, innovatsiya va yangi bilimlarni mamlakatimizga jalb qilish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.

B.Saidov safari doirasida “Fouad Alghanim & Sons Group” asoschisi Fuad Muhammad Sunyon Al-G‘anim bilan ham suhbatlashdi.

Kuvayt Savdo-sanoat palatasi ko‘magida ikki davlatdan 200 dan ortiq vakil qatnashgan biznes-forumda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri mahalliy investorlarni, xususan, infratuzilma va energetika sohalarida foydali imkoniyatlarni o‘rganish uchun yurtimizga taklif qildi.

– Delegatsiyamiz tarkibida oziq-ovqat ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, tibbiyot buyumlari, shirinlik fabrikalari, parrandachilik kabi sohalar vakillari bor, – dedi Saidov anjumanda so‘zga chiqib.

O‘z navbatida, Savdo va sanoat vazirligi kotibi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Solih Al-Azmiy so‘nggi vaqtda kuzatilayotgan xalqaro muammolar global savdo siyosati manzarasini sezilarli darajada o‘zgartirganini qayd etdi. Shu bilan birga zamonaviy siyosatni qabul qilgan holda erkin savdo tamoyilini mustahkamlash hamda savdo ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish va zarur manbalarni diversifikatsiya qilish uchun ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar tuzish muhimligini tasdiqladi.

Al-Azmiy O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan ilgari surilgan tijoriy hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasini ma’qulladi. Uning fikricha, mazkur hujjat savdo ayirboshlashni tezlashtirish uchun ikki tomonlama asos vazifasini o‘taydi. Mulozim mavjud sarmoyaviy hamkorlik imkoniyatini o‘rganish maqsadida qo‘shma savdo qo‘mitasi tuzilishiga ishora qildi.

Yana bir ustuvor vazifa – O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida havo qatnovini ko‘paytirish maqsadida “Jazeera Airways” boshqaruvi a’zosi, “Boodai Corporation” bosh direktori Mishal Al-Usaimiy bilan tegishli masalalar muhokama qilindi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA