Davlat byudjeti daromadlari 14 foizga ko‘paygan

612

Davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi. Shu ma’noda 2024 yil birinchi yarim yilligida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi 6,4 foizga, sanoat 7,8, qurilish 10,1, xizmatlar 12,9, qishloq xo‘jaligi esa 3,8 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti daromadlari esa 120,9 trln. so‘mga yetib, 14 foizga ko‘paygan.

O‘tgan davrda tadbirkorlik faoliyati uchun 82 trillion so‘m kredit va 15,5 trillion so‘m subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Berilgan yengillik va imtiyozlar hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 56,3 trillion so‘m mablag‘ qolgan.

Joriy olti oy davomida yoshlar siyosati sohasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 48 ming yoshga 856,5 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 32 ming yosh kasb-hunarga o‘qitilgan va bandligi ta’minlangan.

Ta’lim-tarbiya sohasi har bir davlatning buguni va ertasini hal qiluvchi muhim yo‘nalishdir. Shu bois yurtimizda mazkur sohalar rivojiga alohida e’tibor qaratilib, davlat byudjetidan tizimga ajratiladigan mablag‘lar miqdori oshirib borilmoqda. Bu borada hisobot davrida 2 ming 684 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan va bu orqali qamrov 74,6 foizga yetkazilgan. 37 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini tashkil etish orqali qo‘shimcha 8500 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Yil yakuniga qadar esa yana 12 ta nodavlat umumta’lim tashkilotlari ochilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, sifatli ta’lim berayotgan umumta’lim maktablari pedagoglarini munosib rag‘batlantirish, pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash yo‘nalishida muhim hujjatlar qabul qilingan. 210 mingdan ortiq pedagog va rahbarlar malakasi oshirilib, 110 nafar pedagog xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan. Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Parlament quyi palatasidagi partiya fraksiyalari yig‘ilishlarida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilinar ekan, dasturning barcha bandlaridagi vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Qizg‘in muhokamalar davomida xalq vakillari Davlat dasturi ijrosi samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif-tavsiyalar berdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA