Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Buxoroda har bir tumanni sanoat tarmoqlariga ixtisoslashtirish zarurligi qayd etildi.

Viloyatda 3 ta yirik gaz-kimyo loyihasi, 10 ta quyosh va shamol stansiyasi qurilayapti. Ularga 1 milliard dollarlik ehtiyot qismlar kerak bo‘ladi.

Bu ehtiyojni qondirishni o‘ylash o‘rniga, viloyatda bir xil mahsulot ishlab chiqarilib, yangisini yaratish va innovatsiya olib kelish ustida ishlanmayotgani qayd etildi.

Viloyatda 1,5 million tonna meva-sabzavot tayyorlanadi. Bu – Buxoro ehtiyojidan 2 barobar ko‘p. Lekin, ularni atigi 11 foizi qayta ishlanadi, 30 foizi tashishda isrof bo‘ladi. Viloyatning 4 ta kichik agrologistika markazi quvvati 66 ming tonna mahsulotni qayta ishlashga yetadi, xolos.

Mutasaddilarga ushbu zaxiralarni hisobga olib har bir tumanni ixtisoslashtirishga qaratilgan dastur tayyorlash topshirildi.

Buxoro paxtasi tashqi bozorda eng xaridorgir. Xitoydan jalb qilingan olimlar bilimidan foydalanib, kelgusi yilda 50 foiz maydonda hosildor paxta va g‘alla yetishtirishga hozirdan tayyorgarlik qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA