O‘mon bilan logistika sohasida hamkorlik kengayadi

416

O‘zbekiston elchisi Abdusalom Hotamov O‘monning global integratsiyalashgan logistika provayderi “Asyad Group” kompaniyasi ijrochi direktori Abdurahmon Al-Xatmiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot avvalida hamkor tomon vakili yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan joriy yil o‘tgan olti oyida qayd etilgan ijobiy iqtisodiy ko‘rsatgichlar bilan tanishtirildi.

“Forbs” jurnalining “Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi eng yaxshi 10 ta logistika kompaniyasi” ro‘yxatida 4-o‘rinni band etgan “Asyad Group”ning nafaqat O‘monda, balki butun Ko‘rfaz davlatlaridagi mavqei, salohiyatidan kelib chiqib, respublikamizga sarmoya kiritish hamda mamlakatimizdagi logistika kompaniyalari bilan hamkorlik qilish taklifi ilgari surildi.

Korxona rahbari diyorimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etish barobarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdorligini bildirdi.

– Maqsadimiz – dunyoning yetakchi portlari, yirik terminal operatorlari bilan ishlash – yuk tashish, kemalarga texnik xizmat ko‘rsatish, quruqlikdagi transport va ombor amaliyotini rag‘batlantirish orqali portlar va erkin zonalar yaratish, ishga tushirish, global miqyosdagi logistika xizmati yetakchi provayderiga aylanish, – deydi Abdurahmon Al-Xatmiy. – O‘monning o‘ziga xos joylashuvi, yaxlit infratuzilmasi, siyosiy va iqtisodiy barqarorligi, rivojlanayotgan savdo tizimi vaqt, kuch va xarajatni tejaydigan hamda bir markaz orqali kirishni osonlashtiradigan xizmatlar majmuini taqdim etishni ta’minlaydi.

Uchrashuv yakunida “Asyad Group” kompaniyasi rahbarining O‘zbekistonga ishchi safarini uyushtirishga kelishildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA