9-11 avgust kunlari Vengriyaning Bugach shahridagi “Katta ova” maydonida Vengr-Turon vaqfi tomonidan “Turk-Xun” xalqlari madaniy boyligini dunyoga tanitishga qaratilgan 50 dan ortiq ko‘rgazma namoyish etiladi. Ushbu xalqaro yig‘inda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari ishtirok etadi.
Madaniy anjuman doirasida O‘zbekistonning mashhur “Lazgi” raqsi ijro etiladi, shuningdek tadbirda yurtimizdan qator olimlar, xususan arxeologlar ham ishtirok etadi.
Qurultoy dasturidan Avar va Vengriya zirhli otliqlari yurishi, xun yetakchilarining kiyimi va jangovar harakati namoyishi, ot poygasi, chavandozlik, kamondan o‘q otish musobaqasi, an’anaviy san’at turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqish, hunarmandlik yarmarkasi, xun va avar madaniy merosini aks ettiruvchi asarlar namunalari singari an’anaviy tadbirlar o‘rin olgan.
20 metrdan ko‘p joyni egallagan, Attila hukmronligi davrini ifodalovchi dunyodagi eng ulkan o‘tov – “Attila tormikasi” ishtirokchilarga xunlar davriga oid boy tarixiy va madaniy meros bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Dastlab 2007 yil Qozog‘istonda tashkil etilgan, 2008 yil ilk bor Vengriyada o‘tkazilgan anjumanning navbatdagisi 25 dan ziyod qardosh xalq vakillarini birlashtiradi. Bugachda jami 50 dan ortiq turfa tadbirdan iborat uch kunlik boy dastur taqdim qilinadi. Turon assotsiatsiyasi o‘ziga xos bayramga 100 dan ortiq jamoani taklif etgan.
O‘.Alimov, O‘zA