Prezidentimizning 2024 yil 13 martdagi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yil 31 iyulda Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar ijrosi qanday ta’minlanadi? Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri Baxtiyor Rustamov shu haqda so‘zlab berdi:

– Qaror bilan faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur ro‘yxatda jami 93 tashkilot o‘rin olgan.

Shundan 58 tasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda 35 tasi xo‘jalik birlashmalaridir.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar, Prezident va Hukumat tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklangan vazifalar hamda topshiriqlar aks ettirildi.

Har bir baholanuvchi rahbar faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari soni qoida tariqasida, 5 tadan 10 tagacha bo‘lishi kerak.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari mavjud resurs va vakolatlarga muvofiq, baholanuvchi rahbarning vazifa va javobgarligi doirasida, aniq, maqsadli bo‘lishi zarur.

Baholanuvchi rahbar faoliyatining keyingi yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot avtomatik tarzda yoki tasdiqlash orqali shakllantiriladi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot baholanuvchi rahbarlar tomonidan “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan mas’ullar tomonidan tasdiqlanadi hamda baholanuvchi rahbarlarning reytingi shakllantiriladi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosarlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining keyingi yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.

Rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholashning yangi tartibi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, aholining turmush darajasi va farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Farmon va qarorning qabul qilinishi davlat boshqaruviga professional yondashish, natijaga qaratilgan samarali boshqaruvni kuchaytirish va malakali kadrlarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, rahbar qadrlar faoliyati samaradorligini baholash madaniyatini shakllantirish orqali ularning hisobdorligini oshiradi.

Norgul Abduraimova,  

O‘zA