Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
— Tadbirkorlik kodeksi loyihasida tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik sohasida yagona yondashuvni belgilash nazarda tutilmoqda, — dedi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarov. — Tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda. Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasining joriy yil 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan qisqa davrda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mitamiz tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar qo‘mitamizning ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyat qismi hujjat matnida o‘z aksini topdi.
Xususan, deputatlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida kodeks loyihasi fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish va ularning mulkiy huquqlari, shuningdek, ijtimoiy korxonalarning huquqlari kafolatlarini mustahkamlovchi normalar bilan boyitildi. Bundan tashqari, kodeks loyihasida davlat tomonidan tadbirkorlikka aralashuv qisqartirildi va uning aniq chegaralari belgilandi.
Moddama-modda muhokamalar davomida deputatlar bir qator aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi. Ayrim normalar yuzasidan tushuntirishlar so‘raldi, savollarga tegishli javoblar olindi.
Deputatlarning aytishicha, kodeks loyihasining qabul qilinishi natijasida yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati huquqlari uchun kafolatlangan erkin muhit va sharoitlar yaratiladi. Asosiysi, xususiy mulk hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilinadi.
Majlisda mazkur qonun loyihasi yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, bir qator tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
Fikr-mulohaza va bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA