O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 7-9 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat rahbarlarining muzokaralari va Prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari ko‘rib chiqiladi.

Asosiy e’tibor savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga qaratiladi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini qabul qilish kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, davlat tashrifi doirasida Qozog‘iston poytaxtida ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining ochilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Prezidenti 9 avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ham ishtirok etadi.