AOKAda tashkil etilgan brifingda “Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Kaimbayeva sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Mutaxassisga ko‘ra, Mustaqillik bayrami munosabati bilan joriy yil 31 avgustdan 3 sentyabrgacha amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlar uchun aviachiptalar tariflaridan 30 foiz chegirma taqdim etiladi. Chegirmali aviachiptalarni 6 avgustdan 3 sentyabrgacha booking.uzairways.com sayti, ilovada, “Uzbekistan Airways Sales” filialida va aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin. Yo‘lovchi va yuk tashish tariflariga qo‘shimcha ravishda turli soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlar ham o‘rnatiladi. Ularga 30 foizlik chegirma amal qilmaydi.

Qayd etilishicha, taqdim etiladigan chegirma miqdori kattalar uchun tarifdan – 30 foiz, 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kattalar tarifidan 48 foiz. Yuqoridagi chegirmalar 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun amal qilmaydi.

Aviachipta qaytarilganda, qayta bronlashtirilganda va qayta rasmiylashtirilganda tarifga taqdim etilgan chegirma aviachiptani qaytarish/qayta bronlashtirish uchun undiriladigan yig‘imlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Bolalar uchun belgilangan tartibda (25% chegirma bilan) undiriladi. Qisman foydalanilgan aviachipta pulini chegirma tugagandan keyingi kunda qaytarmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi chegirma amal qilgan kunda sotib olgan miqdorda qaytarib oladi.

To‘liq foydalanilmagan yoki qisman foydalanilgan aviachiptalarni qayta rasmiylashtirganda, agar jo‘nash sanalaridan biri chegirma tugagan vaqtdan keyinga to‘g‘ri kelmasa, to‘liq tarif darajasiga chegirmalar qo‘llanilmaydi. Chegirmalarni birlashtirish (bolalarniki bundan mustasno) taqiqlanadi.

Ushbu chegirmalar faqat “Uzbekistan Airways” AJning aviaqatnovlariga taalluqli bo‘lib, “Uzbekistan Helicopters” va “Silk Avia” HY1001-1100 aviaqatnovlarida qo‘llanilmaydi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA