Yozgi Olimpiya o‘yinlarining o‘ninchi kungi musobaqalari yakunlanib, o‘n birinchi kun ostonasida turibmiz.
Bugun, 6 avgust kuni Olimpiya o‘yinlarida 11 ta sport turi bo‘yicha saralash musobaqalari o‘tkaziladi. Sport ixlosmandlari 8 ta sport turi — suvga sakrash, yengil atletika, boks, velotrek, ot sporti, sport parusi, sport kurashlari hamda skeytbordingda g‘oliblik uchun kechadigan qiziqarli bellashuvlarga guvoh bo‘lishadi.
Mamlakatimiz sportchilari bugungi kun dasturidagi yunon-rum, ayollar kurashi, boks musobaqalarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazishadi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Aram Vardanyan (-77) va Rustam Assakalov (-97) yunon-rum kurashining nimchorak bahslarida, Aktenge Keunimjayeva (50) ayollar kurashi saralashida ishtirok etsa, bokschimiz Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yarim finalda AQSH vakili Omari Jones bilan ro‘baro‘ keladi. Aynan ushbu musobaqalar mamlakatimiz sport mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishidan umidvormiz.
Eslatib o‘tamiz, Olimpiya o‘yinlari dasturiga muvofiq ertaga 7 avgustdan taekvondo va og‘ir atletikachilar to‘rt yillik o‘yinlarning sovrinli o‘rinlari uchun kurashga kirishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA