Mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etilmoqda.
Vladivostokda «Rossiyada O‘zbekiston turizm yili» doirasida hamda mamlakatimizning turizm salohiyatini targ‘ib qilish va sayyohlik oqimini oshirish maqsadida «Road show» tashkil etildi.
Turizm qo‘mitasi tashabbusi va O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi, deyiladi qo‘mita ma’lumotida.
– Bu yil rossiyalik sayyohlar sonini 1 million kishiga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun tegishli infratuzilma va turli aviaqatnovlar yaratiladi. Hozirda Rossiya shaharlari o‘rtasida haftada 300 ga yaqin reys mavjud. Primore o‘lkasi rahbariyati bilan birga turizm kompaniyalari va tadbirkorlarga zarur yordam ko‘rsatamiz, hamkorlikda rivojlanishga, olg‘a intilishga yordam beramiz, – dedi Jamshid Abdusalomov.
Tadbirda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasi vakillari uchun tajriba almashish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun tashkil etildi, natijada ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.
«Road show»ga taklif qilingan ishtirokchilar o‘zbek gastronomik turizmining taqdimoti va milliy cholg‘u ansambli ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qilishdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA