Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, xususan, qo‘y parvarishlash va go‘sht mahsulotlari sanoatini rivojlantirishga keng imkoniyatlar berilgan. Bu borada esa sohaning xorijiy vakillari bilan doimiy muloqotlar va manfaatli kelishuvlarni tashkil etishga ham alohida sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston diplomatlari Buyuk Britaniyaning Malvern shahrida o‘tkazilgan chorvachilik sohasiga bag‘ishlangan «NSA Sheep Event» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Ko‘rgazma har ikki yilda bir marotaba «National Sheep Association» – Milliy qo‘ychilik uyushmasi tomonidan tashkil etiladi. Ko‘rgazmada qo‘ylarni parvarishlash, kasalliklardan davolash, zotli qo‘y nasllarini yaratish va boshqa yo‘nalishlar namoyish etiladi.
Shuningdek, unda fermerlar uchun eng so‘nggi yangiliklar va mahsulotlar ishlab chiqarishdagi innovatsion yechimlar haqida ham ma’lumotlar beriladi.
Muloqot davomida Qishloq xo‘jaligi va genetika texnologiyalari tashkiloti huzuridagi Agrotexnologiyalar eksporti jamiyati hamda «Export Certification Limited» tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish maqsadida onlayn treninglar o‘tkazish taklifi bildirildi.
Britaniya tomoni O‘zbekiston fermerlari va hamkor tashkilotlarni ham «NSA Sheep Event» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA