Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.O‘temuratov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab Fanlar akademiyasi Prezidenti Rifkat Minnixonov delegatsiya a’zolarini Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining asosiy faoliyati bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari direktorlari va bo‘lim mudirlari faoliyat yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan bir qator istiqbolli ilmiy loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ta’kidlash joizki, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy markazlari bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qator ilmiy muassasalari va oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov va Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti R.Minnixonov ishtirokida memorandum imzolandi.
Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida tuzilgan Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad hamkorlikda fan va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim sohalarida ilmiy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.