Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 13 iyuldagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarining soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qator yangiliklar joriy etilmoqda.

Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva hujjat mazmun-mohiyati xaqida ma’lumot berdi:

– Hujjat asosida 10 dan ortiq litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda talabgorlardan talab etiladigan 30 dan ortiq hujjat qisqartirildi. Endilikda sanitariya-gigiyena, yong‘in xavfsizligi, sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi va shu kabi xulosalar litsenziya va ruxsatnoma olish jarayonida bir vaqtning o‘zida tegishli tashkilotlar tomonidan berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtta litsenziya va xabarnomalardan ortiqcha talablar chiqarib tashlandi. Misol uchun, boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalashda litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan tartibda bojxona organlariga hisobot taqdim etish talabi qo‘yilmaydi.

Kadrlar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash faoliyati faqat sayyor shaklda amalga oshirilganda, mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari hamda boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma yuborishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan beriladigan xulosa talab qilinmaydi.

Yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish uchun litsenziya talabida avtotransportlardan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassis sifatida o‘rta-maxsus ma’lumotli shaxslarni ham tayinlash mumkinligi belgilandi.

Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirishda muddatlarni ish kunida hisoblash yo‘lga qo‘yildi.

To‘rt turdagi litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalar pasportlari tasdiqlandi. Xususan, tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilishni boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma pasporti; tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma pasporti; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilish uchun ruxsatnoma pasporti; maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya pasporti tizimlashtirildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA