Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ishchilarga hisoblangan, lekin vaqtida to‘lab berilmagan ish haqilarini undirish haqidagi sud qarorlarini ijro etish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,  joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 milliard 49,6 million so‘mlik ish haqi undirish bilan bog‘liq 80 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, shundan 985,1 million so‘mlik 75 ta ijro hujjatning ijrosi ta’minlanishiga erishildi. Amalda 284,1 million so‘m undirildi.

Masalan, fuqarolik ishlari Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 26 apreldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan undiruvchi B.X.foydasiga 53 million 953 ming 692 so‘m ish haqi, 6 million so‘m ma’naviy zarar, 7 million 500 ming so‘m vakil hamda 33 ming so‘m pochta harajatlari, jami 67  million 486  ming 692 so‘m undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan darhol ijro harakatlariga kirishildi. Qarzdorlik ijro ishi qo‘zg‘atilgan kundan ikki kun o‘tib, ya’ni joriy yilning 26 iyun kuni to‘lig‘i bilan undirilib berildi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri