O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bundan o‘ttiz uch yil oldin o‘ta og‘ir va murakkab tarixiy vaziyatda qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda.

Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib bormoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida mustaqil davlat bo‘lib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Xalqimizning milliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ichki va tashqi siyosat borasidagi tub o‘zgarishlar, erishilayotgan amaliy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Barchamiz inson qadri oliy mezon bo‘lgan yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo‘lida qo‘lga kiritgan zafarlarimizni mustaqil taraqqiyot g‘oyasiga hamisha sodiq, mard va matonatli xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati mahsuli deb bilamiz va ana shunday olijanob elning farzandlari ekanimizdan cheksiz faxrlanamiz.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik shonli sanasini chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):

bir hafta muddatda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini tasdiqlasin. Mazkur dastur “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlansin;

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami (keyingi o‘rinlarda – Mustaqillik bayrami) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishini ta’minlasin;

hududlarda keng aholi qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, uch avlod uchrashuvlarini, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, gastronomik festivallarni samarali o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, taniqli sportchilar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat yuritishini ta’minlasin;

Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini o‘z yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirlarining dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat hamda tajribaga ega bo‘lgan ssenariychi va rejissyorlar, shoir va adiblar, bastakor hamda baletmeysterlar, sahna rassomlari, maqom va baxshichilik san’ati vakillari, iste’dodli yosh ijrochilardan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

4. Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyati haqida mahallalar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;

keyingi yillarda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirish, “yashil” va raqamli iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan yirik dastur va loyihalar hamda bu borada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni aniq hayotiy misollar orqali keng yoritish;

sud-huquq tizimini isloh etish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, mahalla tizimini xalqimizga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi doimiy sa’y-harakatlar va ularning samarasi haqidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish;

yurtimizda do‘stlik va hamjihatlik muhiti tobora mustahkamlanib, mintaqamizdagi yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori yuksalayotgani, do‘st va hamkorlarimiz safi kengayib borayotganini chuqur tahlillar asosida ko‘rsatib berish;

navqiron avlodga Yangi O‘zbekistonning kelajagi sifatida alohida e’tibor qaratilayotgani, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha noyob tizim yaratilishi natijasida ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yurtimizda shakllangan samarali va ta’sirchan tizim mohiyatini ochib berish;

sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar va xotin-qizlarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar mazmuniga alohida e’tibor qaratish;

davlatimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy va jangovar qudratini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib etish;

Mustaqillik bayrami munosabati bilan keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini o‘tkazish;

Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jon fido etgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning xotirasini yod etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

5. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda uni yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin;

Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin;

Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichini o‘tkazsin;

mazkur tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish va ularni tantanali ravishda taqdirlash choralarini ko‘rsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 18 iyul