“Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, Nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
2024 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025 yil 1 sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida:
—fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
—tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;
—“Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025 yil 1 sentyabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
—shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega bo‘lmaganda sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi;
—2024 yil 1 oktyabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
O‘zA