Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Keyingi yetti yilda Farg‘ona viloyatiga qariyb 77 trillion so‘mlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish o‘rni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.

Bu yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Endi Farg‘ona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 milliard dollarlik 25 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.

Loyihalarga Avstriya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Uchko‘prik tumanida qiymati 50 million dollarga keramik plitalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.  Buning natijasida 500 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Quva tumanida Saudiya Arabistoni investorlari bilan birgalikda isitish va sovutish tizimlari ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qiymati 50 million dollarlik  ushbu loyiha yakunlangach, 350 kishining bandligi ta’minlanadi.

Mazkur 132 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 23 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga loyihalarning huquqiy-tashkiliy asoslarini tezlashtirish, investorlar uchun barcha sharotlarni ta’minlash  bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.