Orolbo‘yida “Ma’naviyat festivali” boshlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy hamda Bo‘zatov tumanlarida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali”ga start berildi.
Bugun mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Shu jihatdan barcha soha va jabhalarda rivojlanishni ta’minlash, jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, har bir fuqaroning yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish masalalari har doimgidan ham dolzarb hisoblanadi.
Mazkur festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilmoqda. Festival doirasidagi tadbirlar hududlardagi madaniyat va san’at maskanlari, markaziy maydon va o‘yingohlar, Mehribonlik va Muruvvat uylari, imkoniyati cheklanganlar va maxsus tarbiya muassasalari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar, eng chekka, olis va chegara hududlar, mahalla, qishloq hamda ovul fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek tinch-totuv istiqomat qilib keladi. Har bir millatning o‘ziga xos urf-odatlari, tarixiy yodgorliklari va an’anaviy hunarmandchiligi, milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, kelajak avlodga butunligicha yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Amudaryo tumani “Boy ovul” mahalla fuqarolar yig‘inida “Milliy birdamlik” loyihasi doirasidagi uchrashuvda shular haqida so‘z yuritildi.
Tadbirlar “Qilichboy” ovul fuqarolar yig‘inida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida insoniylik qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Inson qadri” loyihasi bilan davom etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Saxovat va ko‘mak” xayriya tadbirlari, shuningdek, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat tuyg‘ularini umumiy ijtimoiy harakatga aylantirish orqali jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish borasidagi ishlarga batafsil to‘xtaldi.
Shuningdek, Beruniy, Buzatov tumanlarida “Oila ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Ma’rifat soati”, “Kino karvon” loyihalari doirasida tadbirlar o‘tkazildi.
“Ma’naviyat festivali” davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari