O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va Yaponiya kompaniyalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo va Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi oshib bormoqda, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.
JBICning mamlakatimizda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi muhim o‘rni qayd etildi. Bugungi kunda neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, energetika va infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarni qamrab olgan qo‘shma loyihalar portfeli 3,7 milliard dollardan oshdi.
“Sojitz” korporatsiyasining O‘zbekistondagi faoliyati yuqori baholandi. U bilan birgalikda neft-gaz sohasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Kecha Toshkent shahrida kompaniya vakolatxonasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari “yashil” energetika, geologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish, kommunal xo‘jalik va sog‘liqni saqlash sohalarida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida yangi kooperatsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan uch yillik hamkorlik dasturini, shuningdek, “Sojitz Corporation” bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.