Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi

Joriy yilning 2 iyul kuni Hukumat Qarori bilan “Qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.=
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Sug‘urta qildiruvchi subsidiya olish maqsadida “Agroplatforma” ATda ro‘yxatdan o‘tadi va quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
— sug‘urta shartnomasi;
— sug‘urta polisi;
— sug‘urta shartnomasida qayd etilgan sug‘urta mukofotining to‘liq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.
Sug‘urta qilish nazarda tutilgan sug‘urta qildiruvchining qishloq xo‘jaligi ekinlari “CropAgro” ATga elektron joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.
Subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
— sug‘urta qildiruvchining o‘z arizasiga asosan;
— belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
— sug‘urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;
— qishloq xo‘jaligi sub’ekti tugatilganda.
Sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni boshqa asoslar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zA