Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq hududlarda ishchi guruhlar tuzildi. Ushbu ishchi guruhlar tomonidan kelib tushgan arizalar tahlil qilinib, natijasi bo‘yicha ehtiyojmand oilalardagi 1 ming 623 nafar xotin-qizga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 5 yil mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 319 nafar xotin-qiz oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri