Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida Qurbon hayiti bayrami keng nishonlanmoqda.

Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, qutlug‘ ayyomni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan respublikada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mehr-oqibat, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik ayyomi xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda nishonlanib, bayram  kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga aholining ziyoratlarini tashkil etishi uchun  qulay sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Qurbon hayiti tabrigini aholi katta xursandchilik bilan kutib oldi. Unda ta’kidlanganidek, xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

Ayniqsa, mahalla va xonadonlarimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar haqida g‘amxo‘rlik qilish, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslikka qaratilgan ezgu ishlarimizda muqaddas dinimiz, uning insonparvarlik mohiyatini o‘zida yaqqol ifoda etadigan ushbu fayzli bayram biz uchun ibrat maktabi, kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

–Darhaqiqat, ushbu qutlug‘ bayramning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o‘zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog‘likni qadrlashdek ulug‘ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda, – deydi nuroniy Rustam Davletmuratov. –Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nogiron bo‘lgan   ehtiyojmand  oilalar hamda  yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berishni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘zlarining insoniy burchi, deb qabul qilayotgani quvonarlidir.

Qurbon hayiti bayrami kunlari yo‘lovchilar, haydovchilar va piyodalar xavfsizligini ta’minlash hamda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha joylarda “Xavfsiz tun” tadbiri o‘tkazilmoqda.

Bayramga bag‘ishlangan xayriya tadbirlari joylarda davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari