O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev «BRIKS» o‘yinlari oldidan jurnalistlarga intervyu berdi.
Qozon shahrida davom etayotgan VI «BRIKS» o‘yinlarining boks musobaqalari ko‘pchilik intizorlik bilan kutayotgan bahslar sirasiga kiradi.
Ertaga, 19 iyun kuni o‘yinlar dasturiga muvofiq boks bahslari boshlanadi.
Xo‘sh, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari to‘liq tarkibda qatnashadigan ushbu o‘yinlarda nomdor bokschilarimizdan aynan kimlar Qozon ringlarida jang o‘tkazadi?
«Parij-2024» Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan sportchilarimiz uchun «BRIKS» o‘yinlari qay darajada ahamiyatli?
Yurtimiz sport iftixori bo‘lgan Bahodir Jalolov ushbu o‘yinlarda ringga ko‘tariladimi?
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev «BRIKS» o‘yinlari oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida shu haqda to‘xtalib o‘tdi.
— Ushbu kompleks musobaqa shakli jihatdan Olimpiya o‘yinlariga o‘xshab ketadi. «Parij-2024» oldidan bokschi uchun qancha ko‘p musobaqa bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ayniqsa, og‘ir vazn toifasi bokschilarga har doim janglar kam bo‘lgan. Ayni holatlarni inobatga olgan holda «Parij-2024» Olimpiadasida qatnashadigan 2 nafar bokschimiz — To‘rabek Habibullayev (-80) va Bahodir Jalolov (+91)ga ko‘proq jang amaliyoti zarurligidan kelib chiqib, murabbiylar kengashi bilan maslahatlashgan holda «BRIKS» o‘yinlarida qatnashishga ruxsat berildi. Qolgan vazn toifalarida ikkinchi va uchinchi raqamli bokschilarimiz Qozon bahslarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi. Ular uchun bu musobaqa katta tajriba maktabi vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatlidir”, — deya ta’kidlagan T. Qilichev.
Elatib o‘tamiz, «BRIKS» o‘yinlarining boks musobaqalari 19—22 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA