Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Ӯzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston kengashi raisi U.Jalmenov talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
“Senator va yoshlar” uchrashuvida senator U.Jalmenov bugungi kunda mamlakatimiz aholisining deyarli 60 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ayniqsa, ularning sifatli va zamonaviy ta’lim olishi, ezgu orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar haqida to‘xtaldi.
–Sizlar o‘z zimmasida Yangi O‘zbekistonni qurishdek ulug‘vor vazifani ko‘tarib yurgan baxtiyor yoshlarsiz. Sizlarga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash yo‘lida tinmay harakat qiling, rivojlanishdan to‘xtamang. Ilg‘or g‘oyalarni ilgari surib, yangilanishlar sari qadam tashlang. Ana shunda ijobiy natijalarga erishasiz, dedi senator.
Muloqot davomida talaba-yoshlarga parlament va senatorlarning ish faoliyati haqida ma’lumot berildi. Bugungi siyosiy jarayonlar, yoshlarning jamiyatimizda tutgan o‘rni, ularning chukur bilim olishi bilan birga siyosiy savodxonligini yanada oshirib borishi kerakligi haqida so‘z bordi.
Senator talaba-yoshlar bilan hayot yo‘li va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan uchrashuv talaba-yoshlarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri