Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida joriy yil g‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda barcha tuman hokimlari, soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbir oldidan nuroniy otaxonlar dehqonlarimiz oldida turgan mashaqqatli va mas’uliyatli ishlarda ularga kuch-quvvat, yurtimizda mo‘lchilik, dasturxonimiz to‘kis bo‘lishini tilab duolar qildi. Seminarda o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tushuntirildi.

Qayd etish joizki, joriy yil dehqon va fermerlarimiz uchun “G‘alla yili” bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki, ko‘p yillik tajribadan ma’lum: bahor oylarida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p bo‘lishi hamda g‘alla o‘sib rivojlanishi uchun ob-havoning qulay kelishi hosilning mo‘l bo‘lishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Joriy yil hosili uchun 63 ming gektarga ekilgan g‘alla maydonining har gektaridan 30 sentner hisobidan 189 ming tonna don qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 202 ta otryad tashkil etilib, ularga 202 ta kombayn, 606 ta don tashish avtomobili, 1 ming 376 ta traktor va tirkama, 105 ta yonilg‘i tashish agregati, 689 nafar mas’ul mutaxassis biriktirildi. Yetarli yonilg‘i moy zaxirasi yaratildi.

Seminar yakunida bug‘doy o‘rim-yig‘imi davrida yong‘in xavfsizligiga amal qilish, hosilning nobud bo‘lishiga yo‘l quymaslik bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlari, g‘allakor va mexanizatorlarga tushunchalar berildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A. Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri