Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari savdo rastalaridagi “Family-s” brendi ostida chiqarilayotgan mahsulotlarga talab ortib bormoqda.
Mazkur mahsulotlar Nukus tumanining chekka “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 2004-yilda tashkil etilgan “Qo‘ng‘irotboy-Mehri” fermer xo‘jaligining sutni qayta ishlash sexida ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan qishloq joylarida amalga oshirilayotgan ishlar chekka hududlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun ularga barcha sharoit yaratib berilmoqda.
Mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan tadbirkor Yesenbay Aytmuratov chorvachilik sohasida yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Fermer xo‘jaligiga 12 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, dastlab Fransiya va Daniya mamlakatlaridan 252 bosh naslli qoramol keltirildi. Hozir kuniga 3 tonnaga yaqin sut sog‘ib olinmoqda. Fermer xo‘jaligi qoshida sutni qayta ishlash sexi tashkil etildi.
–Bugungi kunda 700 boshga yaqin qoramol boqilmoqda, –deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ye.Aytmuratov. –Bankdan olingan 12 milliard 680 million so‘m kredit evaziga xorijdan qoramol va Italiya mamlakatidan sutni qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalar xarid qildik. Asosiy maqsadimiz aholini arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlashdir.
Fermer xo‘jaligida 70 nafardan ziyod kishi ish bilan ta’minlangan. Sut sog‘ish ishlari zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi.
Qoramollar naslini yanada yaxshilash, chorvachilikda yuqori mahsuldorlikka erishish, hayvonlar kasalliklarining oldini olishda sun’iy urug‘lantirish muhim ahamiyatga ega. Fermer xo‘jaligida joriy yilning boshidan buyon sun’iy urug‘lantirish orqali 60 ta buzoq olindi. Ular veterinar mutaxasislarning nazorati ostida bo‘lsa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati tekshirilib boriladi. Fermer xo‘jaligi rahbarining ta’kidlashicha, sutni qayta ishlash natijasida qatiq, qaymoq, tvorog, suzma singari 12 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari Xitoy Xalq Respublikasi hamda Germaniya mamlakatlarida o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tajriba orttirib qaytdi. Prezidentimiz sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus-2011” ko‘rik-tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yili Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tomoshalarida traktor bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari